...

31 Okt

Jizzax politexnika institutida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida tadbir tashkil etildi.

 Mazkur tadbirda Jizzax viloyat hokimining jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo’yicha ma’sul xodimi N.Raimov, Respublika yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi boshlig‘i M.Abduraxmanova, Jizzax viloyati Davlat xavfsizlik xizmati mas’ul xodimi A. Nizomov, institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova, Talabalar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan rektor maslahatchisi D.Hamraqulov, Arxitektura va qurilish fakulteti dekani A. Berdiqulov, Ijtimoiy fanlar kafedrasi o’qituvchisi, f.f.b.f.d. (PhD), dots. v.v.b. Sh.Turatov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovinlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova kirish so’zi bilan ochib berdi.

S.Eshbekova o‘z so‘zida “Jaholatga qarshi-ma’rifat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarining ahamiyati haqida batafsil to’xtalib o’tdi. Shuningdek, yoshlardagi ma’naviy bo‘shliqni ilmu-ma’rifat bilan to‘ldirish, ularni turli yot g‘oyalar tajovuzidan himoyalashda o‘z Vataniga bo‘lgan muhabbat va daxldorlik hissini yanada rivojlantirish, buyuk tariximizni, milliy urf-odatlarimizni yoshlar qalbiga doimiy singdirib borish zarurligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Respublika yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi boshlig‘i Mehribon Abduraxmanova so‘zga chiqdi. U o‘z so‘zida quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi.

− “Biz yangilanish, tafakkur va fikr erkinligi, erkin ijod qilish, o‘z qobiliyat va iqtidorimizni ro‘yobga chiqarishga har qachongidanda ko‘proq imkoniyat yaratilgan bir davrda yashayapmiz. Afsuski, bunday erkinlikni hamma ham to‘g‘ri qabul qilavermaydi, o‘z faoliyatini ezgu ishlarga safarbar etavermaydi. Tabiiyki, bu jarayonda insoniyatning azaliy dushmani bo‘lgan nafs ofati bashariyat yo‘liga har qachongidan-da ko‘proq g‘ov bo‘ladi.”

Shuningdek, M.Abduraxmanova  o‘z so‘zi yakunida mening bayrog‘im mavzusidagi vatanparvarlik g‘oyasini madh etuvchi she’rini o‘qib berdi.

Navbatda esa so‘zga Jizzax viloyat hokimining jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo’yicha ma’sul xodimi Nurali Raimov so‘zga chiqdi.

N.Raimov kun tartibidagi masala yuzasidan o‘z fikr mulohazalarini bildirib o’tdi.

− “Barchamizga yaxshi ma’lumki, hozirgi kunda dunyo shiddat bilan o‘zgarib, insoniyatning taqdiri va kelajagiga tahdid solayotgan xavf-xatarlar kuchayib, dunyo miqyosida shafqatsiz raqobat, turli ziddiyat va qarama-qarshiliklar tobora avj olmoqda. Bugungi kunda globallashuvning shiddatli tus olishi dunyo miqyosida g‘oyaviy-mafkuraviy tahdidlarning tobora avjiga chiqishiga zamin yaratmoqda. Mana shunday bir sharoitda tinchlik, barqarorlikni saqlashda ma’naviyat va ma’rifatga e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu haqda fikr yuritganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek: “Biz ma’naviyat va ma’rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdoni, ma’naviyati bor inson Vatanni, albatta, yaxshi ko‘radi. Vijdon, ma’naviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir. Mana shunday qarash butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tomonidan keng va qizg‘in qo‘llab-quvvatlanayotgani ma’naviy tarbiyaning naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi”.

Undan keyin so‘zga Ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi, f.f.b.f.d. (PhD), dots. v.v.b. Sh.Turatov chiqdi.

− “Ma’lumki, jaholat va johillikning davosi – bir qancha bo‘lib, ulardan eng asosiysi – kitob o‘qishdir. Darhaqiqat, kitob o‘qish qalb chigalliklarini yozadi, ko‘ngilga huzur bag‘ishlaydi, jaholatga barham beradi, turli-tuman vasvasalarni kishi ongidan quvib chiqaradi. Kitob hayotning qorong‘u yo‘llarini yoritib boruvchi chiroqdir! Ko‘p kitob o‘qiydigan inson hayotda ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi. Dunyoda ham, oxiratda ham insonga ilmdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradigan narsa yo‘q!” – dedi Sh.Turatov.

Tadbir davomida talaba-yoshlarning ham fikr-mulohazalari tinglandi. Ular tomindan berilgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.

Yig‘ilish barcha talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi.