...

16 Noy

“Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bizga ma’lumki, ma’naviyat va ma’rifat jamiyat taraqqiyoti, millat kamoloti va shaxs barkamolligini belgilab beruvchi asosiy omil hisoblanadi. Chunki ma’naviyat va ma’rifat jamiyatda iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni vujudga keltiradi. Ma’rifatli, bilimli, ziyoli insonlar bor yerda mamlakat taraqqiy etadi, millatlararo birdamlik va totuvlik yuzaga keladi. Hozirgi vaqtda ko‘z o‘ngimizda dunyoning turli joylarida iqtisodiy va ijtimoiy, axborot-kommunikatsiya manzarasidagi chuqur o‘zgarishlar, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Bugun institutimizda “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Jizzax viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo’yicha o‘rinbosari L.Ahmadjonov, Jizzax viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i mayor J.Abdullayev, institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova, Qurilish materiallari muhandisligi fakulteti dekani M.Mirzabekov, institut psixologi O.Rajabov, institut profilaktika inspektori, mayor F.Normatov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, Ijtimoiy fanlar kafedrasi dots.v.b. Sh.Turatov, dekan o’rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni birinchi prorektor S.Eshbekova ochib berib, bugungi kunda yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi mafkuraviy tahdidlar va ularning oldini olish masalalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Tadbirda so‘z olganlar tomonidan bu kabi targ‘ibot tadbirlarining ahamiyati, talaba-yoshlarning milliy o‘zligini bilgan, shu bilan birga, dunyoni chuqur anglaydigan, bunyodkor g‘oyalar bilan hamohang ravishda zamon bilan hamnafas qadam tashlaydigan farzandlar bo‘lib voyaga yetishlari zarurligi haqida batafsil to’xtalib o’tildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, talaba-yoshlarning ta’lim olishlari uchun institutda barcha sharoitlar yaratilgan. Doimiy ravishda ular bilan darsdan bo‘sh vaqtlarida turli ruknlarda ma’naviy ma’rifiy tadbirlar tashkil qilib kelinmoqda.

Tadbir davomida talaba-yoshlarning fikr-mulohazalari tinglanib, ular tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berildi. Tadbir barcha talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi.