...

08 Fev

“Ajdodlar ruhi mangu barhayot” — Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi

Jizzax politexnika institutida 2023-yil 8-fevral kuni Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan “Ajdodlar ruhi mangu barhayot” mavzusida Energetika va radioelektronika hamda Transport fakultetlari hamkorligida adabiy-badiiy tadbir tashkil etildi.

Mazkur tadbirda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, Energetika va radioelektronika fakulteti dekani U.Yarlakabov, Transport fakulteti dekani S.Jiyanboyev, JizPI AL bosh o‘qituvchisi B.Islomova, fakultetlar professor-o‘qituvchilari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida M.Xolbekova, U.Yarlakabov, S.Jiyanboyev hamda B. Islomovalar so‘zga chiqishdi.

Ma’ruzachilar ushbu qutlug‘ sana bilan tadbir ishtirokchilarini, mehmonlarni, ustoz-murabbiylar va talaba-yoshlarni chin ko‘ngildan samimiy muborakbod etib, Navoiy bobomizning insoniyat ma’naviyati, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilayotgan ilmiy-ma’naviy meroslarini chuqur o‘rganishda sobidqadam bo‘lish lozimligini ta’kidladilar. Shundan so‘ng, Hazrat Alisher Navoiy ijodiy merosi xususida keng fikr yuritdilar.

Tadbir doirasida talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan Hazrat Navoiyning «Sab’ai sayyor», «Navoiy va Boyqaro» asarlari asosida sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Talaba-qizlar ijrosidagi raqs hamda fakultetlar talabalarining g‘azalxonlik, musiqiy chiqishlari bilan davom etdi.

Shuningdek, tadbirda o‘zbek adabiy tilining asoschisi, she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiyning hayoti va ijodi, bebaho asarlari haqida so‘z yuritildi. Talabalar shoir qalamiga mansub ruboiy, tuyuq va g‘azallarni, “Navoiy va Guli” monologini yoddan, ifodali o‘qib berdi. Ishtirokchilar Alisher Navoiyning «Xamsa» asaridan joy olgan dostonlar haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Iqtidorli talabalarga tadbir yakunida faxriy yorliqlar topshirildi.