...

17 Fev

"Zahiriddin Muhammad Bobur adolatli shoh va buyuk shoir" mavzusida ...

 Bu yil buyuk shoir, tarixchi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi – Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo tavalludiga 540 yil to‘ldi.

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yilning 14-fevralida Andijonda tug‘ilgan.

Bobur O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lishi bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir.

U o‘z asarlari bilan o‘zbek adabiyotini va tilini rivojiga, yuksalishiga, soddalashtirishga va jonli so‘zlashuv tiliga yaqinlashtirishga munosib hissa qo‘shgan.

O‘zbek tili tarixini o‘rganishda “Boburnoma” bebaho xazinadir. “Boburnoma” XV – XVI – asrning muhim voqealarini badiiy aks ettirgan prozaning qimmatli namunasidir.

“Boburnoma” jahon adabiyotining nodir, durdona asarlaridan hisoblanadi.

Jizzax politexnika instituti Energetika va radioelektronika hamda Transport fakultetlari hamkorligida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan “Ajdodlar ruhi mangu barhayot” shiori ostida “Zahiriddin Muhammad Bobur adolatli shoh va buyuk shoir” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda Jizzax viloyati yozuvchilar uyushmasi raisi, yozuvchi va shoira M.Abduraxmonova, Jizzax politexnika institutining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Eshbekova ochib berdi. S.Eshbekova o‘z so‘zida Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yo‘li va uning adabiyotimizga qo‘shgan olamshumul hissasi, yurtimiz tarixida egallagan o‘rni xususida so‘zladi.

Shundan so‘ng Jizzax viloyati Yozuvchilar uyushmasi raisi, yozuvchi va shoira M.Abduraxmonova so‘zga chiqib, Muhammad Bobur hayoti va ijodi haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Zahiriddin Muhammad Boburning ijodiy hayoti haqida gapirib, Bobur ijodidan na’munalar o‘qib berdi.

Tadbir davomida talaba-yoshlar tomonidan Bobur qalamiga mansub g‘azallar va ruboiylar, Bobur hayoti, uning serqirra qobiliyatlarini ochib beruvchi sahna ko‘rinishlari, qo‘shiq va raqslar ijro etildi.

 Tadbir yakunida tadbirda ishtirok faol etgan talaba-yoshlarga faxriy yorliqlari topshirildi.

Ushbu tadbir, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.