...

04 Iyl

Jizzax politexnika institutida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi

Jizzax politexnika institutida «Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziriligi rahbar xodimlarining Jizzax yoshlari bilan ochiq muloqoti» mavzusida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.

Jizzax politexnika institutida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari, talabalar, magistrlar hamda abituriyentlar qatnashishdi. Sayyor qabulda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, taʼlim olish, kasb o‘rganish bilan bog‘liq muammolar, oliy taʼlim muassasalari qabul jarayonlariga oid yangiliklar muhokama etildi. Innovatsion g‘oya va startap loyihalar, grant turlari xususida maʼlumotlar berildi. Tadbirda Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, startap loyihalar g‘oyalari, kelajak rejalari xususida to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, savollariga javob oldi.

– Jizzax politexnika institutning magistratura bo‘limida tahsil olaman., – deydi yoshlardan biri Shahlo Hoshimova. – Intensiv baliqchilik bilan shug‘ullanaman. Loyiham bo‘yicha Talabalarni, xususan 10 nafar xotin-qizlarni ish bilan taʼminlashim mumkin. Menga “siz rejangizni amalga oshirishingiz uchun MChJ ochishingiz kerak” deyishmoqda. Talaba bo‘lganim bois MCHJ ochish uchun yetarli mablag‘ topolmayapman. Menga shu muammoni yechishda amaliy yordam berishingizni so‘rayman.

– Men Jizzax davlat pedagogika universiteti talabasi Umid Qodirovman. Badiiy ijodga qiziqaman. Universitetda tashkil etilgan “Izlanish” klubi aʼzosiman. Sheʼrlarim 9 ta tilga tarjima qilingan. Yaqindagina nashrdan chiqqan kitobimni ko‘p nusxada chop etilishida amaliy yordam berishingizni so‘rayman. Ushbu kitoblar esa maktab kutubxonalarida bo‘lishini va o‘quvchi yoshlar bundan bahramand bo‘lishini istayman.

Shahlo va Umidjonga o‘xshash, bir biridan qiziqarli takliflar bildirgan, turli mazmundagi, eng muhimi daromad keltiradigan loyihalarni taqdim etgan 100 dan ortiq yoshlar ishtirok etgan ushbu tadbirda ko‘tarilgan taklif va muammolarning 10 dan ortig‘i shu yerning o‘zida, 10 ga yaqini vaqt talab qilganligi sababli, o‘rganib chiqish va amaliy hal etish uchun mutasaddi tashkilot rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.