...

07 Sen

JizPI rektori talabalarga ma’ruza mashg‘uloti o‘tdi

Yangi o‘quv yili boshlanganidan buyon institutning barcha o‘quv auditoriyalarida oliygoh bilan tanishuv haftaligi doirasida “Mustaqillik darslari” tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” bosh g‘oyasini talaba-yoshlarga singdirish, ularning bugungi farovon hayotdan, yoshlarga yaratilayotgan sharoitlardan, imkoniyatlardan mamnunlik, shukronalik his-tuyg‘ularini yanada kuchaytirishni ta’minlovchi ma’ruzalari tarzida tashkil etilmoqda. Ushbu darslarda mustaqillikka erishish yo‘lidagi qiyinchiliklar, xalqimizning ezgu maqsadlar yo‘lidagi azmu shijoati keng yoritib kelinayapti.

“Mustaqillik darslari” ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalarining mas’ul rahbarlari, yirik tadbirkorlar, institutda muvaffaqiyatga erishgan bitiruvchilar, mehnat faxriylari ishtirokida talaba-yoshlar bilan erkin muloqot va muhokama shakllarida olib borilmoqda.

Mazkur haftalik doirasida Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov «Servis» hamda «Transport» fakulteti 1-bosqich talabalariga ma’ruza mashg‘uloti o‘tdi.

Rektor o‘z so‘zida mamlakatimizning mustaqil taraqqiyot yo‘li, yurtimiz tarixidagi o‘ta mas’uliyatli va sharafli davrlar, barcha sohalardagi o‘zgarishlar, keyingi besh yilda Prezidentimiz rahbarligida xalqning farovon hayotini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.

Shuningdek, talabalarning vazifalari, huquqlari, majburiyatlari hamda ular uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Rektor ma’ruza yakunida barcha talabalarga o‘qish jarayonida muvaffaqiyat tiladi.

Jizzax politexnika institutida rektor, prorektor, professor-o‘qituvchilar tomonidan bu kabi mashg‘ulotlarni muntazam o‘tkazilishi belgilangan.