...

08 Sen

Bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri...

Ko‘pchiligimizga sir emaski, bugungi kunda butun dunyoda jinoyatlarning yangicha ko‘rinishlari paydo bo‘lib bormoqda. Bu haqda barchamiz ommaviy axborot vositalaridan, ijtimoiy tarmoqlardan yoki o‘sha jinoyatning qurboni bo‘lgan shaxslardan xabardor bo‘lib turibmiz. Bu mudhish jinoyatning kelib chiqishi va bugungi kunda bunchalik ko‘payib borayotganligi haqida afsuski yetarlicha ma’lumotga ega emasmiz.

Oxirgi paytlarda jinoyatchilar tomonidan bugungi kunda firibgarlik yo‘li bilan o‘zgalar plastik kartalaridan mablag‘lar yechib olish jinoyati ham ko‘payib bormoqda. Afsuski, bunday jinoyatlarning qurboni bo‘lganlar son sanog‘i yo‘q.

Yuqoridagi kabi kiberjinoyatlarning oldini olish maqsadida Jizzax viloyatida Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.

Jizzax politexnika institutida bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri – kiberxavfsizlikni ta’minlash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan kiberjinoyatlarning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida targ‘ibot-tashviqot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Maqsud Murodulayev, Xotin-qizlar masalalari katta inspektori, kapitan Nodira Rasulova, institut profilaktika inspektori Farrux Normatov, institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Sanobar Eshbekova, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Mavluda Xolbekova, barcha fakultetlarning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan kiberjinoyatlarning turli ko‘rinishlari, ularni sodir etishning usul va uslublari, yangicha ko‘rinishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Navbatda bu turdagi jinoyatlarning barvaqt oldini olish, unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.

Tadbir qizg‘in bahs va munozaralarga boy bo‘lib, ishtirokchilar plastik kartalardan foydalanish qoidalari, internet tarmog‘idan foydalanganda zararli axborotlardan himoya qilish, ularni nazorat qilib, tarbiyalab borish bo‘yicha o‘zlariga kerakli ma’lumotlar ega bo‘ldilar.

Eslatib o‘tamiz, axborotni qabul qiluvchi o‘zi, atrofdagilar, yaqinlari, xalqi, yurti manfaatlarini himoya qilishi, shunga mos va xos ma’lumotlarni tanlashni bilishi, o‘zlashtirishi va tarqatishi lozim!