Новый веб-сайт Джиззакского политехнического института находится в стадии тестирования

BAKALAVRIAT

Yo’riqnoma

Bakalavriat – oliy ta’lim yo’nalishlaridan biri bo’yicha puxta bilim beradi, o’qish muddati kamida to’rt yil bo’lib, oliy ma’lumot va tayanch mutaxassislik diplomini olish bilan tugaydi.

Magistratura – aniq mutaxassislik bo’yicha bakalavriat negizida kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’lim bo’lib, undagi tahsil yakuniy kvalifikatsion davlat attestatsiyasi va magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish bilan nihoyasiga yetkaziladi.

Aspirantura – magistrlik negizida 3 yil davom etadi va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish hamda tanlangan mutaxassislik bo’yicha «fan nomzodi» ilmiy darajasini olish bilan yakunlanadi.

Doktorantura – fan nomzodi ilmiy darajasi negizida 3 yil davom etadi, «fan doktori» ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilish bilan nihoyasiga yetadi.

Oliy ta’lim muassasasiga bevosita rahbarlikni uning rektori amalga oshiradi.

Rektor – lotincha «rektor» so’zidan olingan bo’lib, oliy ta’lim muassasasining rahbari degan ma’noni anglatadi. Rektor O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi va u o’zi rahbarlik qilayotgan oliy ta’lim muassasasida «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» (dastur to’g’risida o’qish davomida to’liq ma’lumotlarga ega bo’lasiz) asosida ta’lim sohasidagi yagona davlat siyosatini ro’yobga chiqarishga mas’ul. Shu bilan birga rektor oliy ta’lim muassasasi faoliyatiga taalluqli kelajakka mo’ljallangan ishlarni rejalashtiradi va ularni amalga oshirishni ta’minlaydi, oliy ta’lim muassasasi vakolati doirasida xodimlar va talabalar bajarishlari majburiy bo’lgan buyruqlar chiqaradi, talabalarning o’qish sharoitlarini yaxshilashga va ularni o’z vaqtida stipendiya bilan ta’minlab turishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Rektor Oliy ta’lim muassasasiga rahbarlik qilishda o’z huzurida tuzilgan ilmiy kengash, o’rinbosarlari-prorektorlar, fakultet dekanlari va kafedra mudirlari faoliyatlariga tayanadi.

Prorektor – so’zi «pro» – birga va «rector» so’zlaridan tashkil topgan bo’lib, birga boshqarish ma’nosini bildiradi. Oliy ta’lim muassasalarida prorektorlar, asosan, quyidagi masalalar bo’yicha faoliyat ko’rsatadilar: ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo’yicha prorektor; o’quv ishlari bo’yicha prorektor; ilmiy ishlar va axborot texnologiyalari bo’yicha prorektor; iqtisod va tadbirkorlik ishlari bo’yicha prorektor.

Ta’lim yo’nalishlari va mutaxassisliklar bo’yicha Oliy ta’lim muassasasi tarkibida fakultetlar tashkil etiladi. Fakultetda, odatda, bakalavriatning bir nechta ta’lim yo’nalishlari bo’yicha o’quv-tarbiya jarayoni tashkil etilishi mumkin.

Fakultet – lotincha «fakultas» so’zidan olingan bo’lib, Oliy ta’lim muassasasining o’quv-ilmiy va ma’muriy bo’linmasi ma’nosini bildiradi. Fakultetni dekan boshqaradi. Fakultetda uning yo’nalishiga qarab bir nechta kafedralar faoliyat ko’rsatishlari mumkin.

Dekan – (lot.decanus – o’nboshi; qadimgi Rim qo’shinida o’nta askarning boshlig’i) Oliy ta’lim muassasasida fakultetning o’quv, ilmiy va tarbiyaviy ishlari rahbari. Fakultet dekanining ma’naviyat va ma’rifat  masalalari hamda o’quv ishlari bo’yicha o’rinbosarlari bo’ladi. Dekanning idorasi dekanat deb ataladi. Dekanat oliy ta’lim muassasasining talabalar bilan ishlaydigan asosiy bo’linmasidir.

Kafedra (yunoncha kafedra – stul, o’rindiq) – 1) minbar, unga ko’tarilib oldida chiqish qilinadi;  2) oliy ta’lim dasturidagi o’zaro bog’liq fanlarni o’qitish va shu soha bo’yicha ilmiy va ilmiy-uslubiy tadqiqotlar o’tkazuvchi bo’linma. Kafedralar umumta’lim, umumkasbiy yoki ixtisoslik yo’nalishlari bo’yicha tashkil etiladi.

Kafedra oliy ta’lim muassasasining boshlang’ich va asosiy o’quv-ilmiy markazidir. Kafedrani uning mudiri boshqaradi.

Professor (lot.professor – murabbiy) – tegishli ilmiy unvonli, oliy ta’lim muassasasida asosiy nazariy mashg’ulotlar (leksiyalar)ni olib boruvchi hamda ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qiluvchi yuqori malakali o’qituvchi.

Dotsent (lot. docens – o’qitayotgan)  – tegishli ilmiy unvonli, fanlar bo’yicha nazariy va amaliy darslar, ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi yetakchi o’qituvchi

Katta o’qituvchi – ko’p yillik ilmiy-pedagogik ish tajribasiga ega bo’lgan, odatda, ilmiy darajasi bo’lmagan o’qituvchi.

Kurator – lot. «curator» so’zidan olingan bo’lib, biror ish, biror shaxs, biror narsa ustidan nazorat olib borish, topshirilgan homiy oliy ta’lim muassasasida guruh murabbiysi talabalar bilan ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni olib boradi, yakkama-yakka suhbatlar o’tkazadi, hayotiy maslahatlar beradi, zarur bo’lgan hollarda talabalar ota-onalari bilan bog’lanadi, o’z faoliyati to’g’risida dekanatga muntazam ravishda hisobot beradi.

O’qitish muddati – talabalar tomonidan o’quv reja va dastur o’zlashtirilishi uchun belgilangan me’yoriy muddatdir. Bakalavriat uchun bu kamida 4 yil, magistratura uchun kamida 2 yil. O’quv jarayoni o’quv yillari bo’yicha amalga oshiriladi.

O’quv semestri – oliy o’quv muassasasida o’quv yilining yarmini tashkil etuvchi, o’zaro bog’liq fanlarning ma’lum majmuini o’zlashtirishga mo’ljallangan va ular bo’yicha yakuniy nazorat bilan tugallanadigan qismi.

Dars jadvali – oliy ta’lim muassasasida har o’quv semestri bo’yicha  o’quv  haftasida (olti kunlik) muayyan fandan o’quv mashg’ulotlarini o’tkazish ketma-ketligini belgilaydigan me’yoriy hujjat. Dars jadvali, odatda, fakultet dekani tomonidan tasdiqlanadi.

Leksiya(ma’ruza) – o’qish, o’qituvchining ijodiy tavsifidagi auditoriyada o’quv rejasi bo’yicha o’tkaziladigan nazariy dars mashg’ulotidir. Zarur hollarda o’qituvchi tegishli mavzu bo’yicha darsdan oldin qo’shimcha materiallar tarqatishi mumkin.
Laboratoriya ishlari yoki Amaliy mashg’ulot- nazariy bilimlarni chuqur  o’zlashtirish va mustahkamlashga qaratilgan auditoriyadagi o’quv mashg’ulotlaridir.

Seminar (lot.  Seminarium – ko’chirib o’tkazish)- talabalarni mustaqil fikrlash va ijodiy mehnatga tayyorlash uchun mo’ljallangan, ularning fan bo’yicha bilimlarini chuqurlashtirish va kengaytirishga qaratilgan auditoriya o’quv mashg’ulotlarining turi.

Oliy ta’lim muassasalarida talabalarning haftalik o’quv yuklamasi 54 soatni tashkil qiladi. Bulardan 32 soati-auditoriya  mashg’ulotlari, 22 soati auditoriyadan tashqari mustaqil ish. Mustaqil ish-nazariy o’qitishni mustaqil tarzda tashkil  qilish shakli. Bunda  talabalar o’quv va ilmiy adabiyotlar  bilan  ishlaydi,shu jumladan, internet  vositasida  o’z sohasi bo’yicha  korxonalarda,  ilmiy  muassasalarda, laboratoriyalarda bilim  va ko’nikmalarni  mustaqil ravishda  oshiradi. Ta’lim  dasturining ma’lum  bir qismi  tugallangach,odatda, bahorgi semestr  yakunida  malakaviy  amaliyot o’tkaziladi.

Malakaviy amaliyot – o’quv jarayonining nazariy bilimlarini mustahkamlash, amaliy  ko’nikmalar  hosil  qilish uchun o’tkaziladi. Malakaviy amaliyot natijalari  bo’yicha  talaba hisobot yozadi  va uni maxsus  komissiyada  himoya qiladi. Har bir oliy ta’lim muassasasi o’zining  kutubxonasiga ega.

ARM –darslik va boshqa o’quv  adabiyotlaridan  jamoatchilik foydalanishini tashkil etuvchi  madaniy–ma’rifiy va axborot markazi. Kutubxona xizmatlaridan  oliy  ta’lim muassasasida o’qiyotgan  barcha talabalar  foydalanish huquqiga ega.O’qish jarayonida  har bir talaba o’ziga zarur  bo’lgan  o’quv adabiyotlarni  belgilangan ma’lum muddatga  olishi mumkin.

Talabalar turar joyi –ta’lim olish  davrida boshqa viloyatlardan  kelgan  talabalarni  vaqtinchalik  yashash joyi bilan  ta’minlaydi. Talabalar turar joyidan  joy olish uchun  fakultet  dekani nomiga ariza yoziladi. Mazkur ariza  o’rnatilgan  tartibda  ko’rib chiqilgach, talabaga yashash joyi beriladi.Talabalar turar joyida yashovchilar uchun  zaruriy shart-sharoitlar  yaratiladi.

Talabalar turar joyida  ichki tartib-qoida mavjud  bo’lib, unga barcha talabalar rioya qilishi lozim. Ichki  tartib –  qoidaga  zid faoliyat olib borgan talaba  tegishli tartibda talabalar turar joyi ma’muriyati tomonidan  ogoxlantiriladi. Agarda bu natija bermasa, yashash joyidan mahrum qilinadi.

Stipendiya (lot. Stihendium – to’lov, maosh) –davlat oliy ta’lim muassasasining  kunduzgi bo’limida  yaxshi baholar bilan o’qiyotgan talabalarga muntazam (har oyda ) to’lab boriladigan pul. Stipendiyalar miqdori va to’lash tartibi tegishli nizom orqali belgilanadi.